Toshkentda 28-iyundan boshlab “Quruvchilar” va “Yangiobod” bekatlari o‘rtasidagi poyezdlar harakati rejali ta’mirlash davrida to‘xtatiladi. Bu haqda Metropoliten axborot xizmati xabar bermoqda.

Poyezdlar va yo‘lovchilar harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, yangi metro uchastkalarida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida ma’lum muddatdan so‘ng profilaktika ishlarini olib borish zarur. Shu munosabat bilan “Texnopark—Qipchoq” bekatlari oralig‘idagi yerusti halqa yo‘li uchastkasida 3 oyga mo‘ljallangan ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Rejali profilaktika ishlarining navbatdagi bosqichini o‘tkazish uchun 28-iyundan boshlab “Quruvchilar” (12-bekat) — “Yangiobod” (6-bekat) bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati to‘xtatiladi. “Qipchoq—Yangiobod—Qipchoq” yo‘nalishida katta sig‘imli bepul avtobus (metrobus) qatnovi tashkil etiladi. Avtobuslar har kuni soat 05:00 dan 23:00 gacha harakatlanadi.