AQSH razvedka xizmatlari Amerika zarbalari Eron yadro dasturiga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazganiga shubha bildirdi. Bu haqda AQSH ommaviy axborot vositalari Pentagondagi manbalariga tayanib xabar bermoqda.

AQSH Mudofaa vazirligining razvedka hisobotiga ko‘ra, Fordo, Natanz va Isfahondagi obyektlarga hujumlar yadroviy dasturning rivojlanishini faqat vaqtincha, uzog‘i bilan bir necha oyga ortga surgan. Manbalarning ta’kidlashicha, Eron boyitilgan uran zaxiralarini oldindan evakuatsiya qilishi mumkin bo‘lgan va keyingi boyitish uchun zarur bo‘lgan sentrifugalarning aksariyati zarar ko‘rmagan.

CNN’ning qayd etishicha, asosiy zarar yer ustidagi inshootlarga to‘g‘ri kelgan. Ba’zi ekspertlarning fikricha, Isroil Vashingtonda mustahkamlangan yer osti inshootlarini, jumladan, Fordodagi majmuani teshib o‘tishga qodir noyob GBU-57A bombalari borligi sababli AQShni operatsiyada ishtirok etishga undadi.

The New York Times nashrining isroillik manbalarga tayanib xabar berishicha, Eronda maxfiy uran boyitish inshootlariga tegilmagan. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, ushbu markazlar asosiy majmualarga hujum qilingan taqdirda yadroviy dasturning uzluksizligini ta’minlash uchun qurilgan.