Isroil va Falastinning HAMAS harakati vakillari Qatar vositachiligida G‘azo sektoridagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Qatar hukumati rahbari va tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdul Rahmon Ol Soniyning ta’kidlashicha, muzokaralar yaqin kunlar ichida qayta tiklanadi.
“Mintaqadagi so‘nggi voqealarni hisobga olgan holda, biz Isroil Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatishdan G‘azoga zarbalarni kuchaytirish uchun foydalanmasligiga umid qilamiz”, — dedi u.
Qatar va Misr G‘azodagi mojaroni hal qilishga qaratilgan vositachilik harakatlarini davom ettirmoqda. Isroilning yaqinda Eronga uyushtirgan hujumi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni barbod qildi.
Mart oyida Isroil armiyasi joriy yilning yanvar oyida o‘rnatilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini bekor qilib, G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshladi. Bir necha raundlik muzokaralardan so‘ng, mojaro tomonlari yangi sulh shartlarini kelisha olmadi.