O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab imtiyozli toifadagi shaxslarni davolash Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘ida aytilgan.
Imtiyozli toifadagi shaxslarni davolash «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida shifokorning ko‘rsatmasiga binoan bepul amalga oshiriladi.
Jami 13 ta yo‘nalish, jumladan, urologiya, travmatologiya, pulmonologiya, onkologiya, endokrinologiya, oftalmologiya, kardiologiya, gastroenterologiya va boshqalar qamrab olinadi.
1-yanvardan boshlab davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlardagi tuman va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida elektron navbat asosida rejali statsionar tibbiy yordamni bepul olish huquqi quyidagilarga berildi:
- JSHDS yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
- Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun zarur bo‘lgan soliqlarning belgilangan miqdorlarini to‘lagan shaxslar;
- voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari va talabalari, homilador ayollar va ikki yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi bilan band bo‘lgan shaxslar, mehnat organlari tomonidan ishsiz sifatida rasman ro‘yxatga olingan shaxslar, davlat pensiyalarini oluvchilar va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar a’zolari yoki «Kambag‘al oilalar reyestri» axborot moduli orqali kambag‘al deb e’tirof etilgan oilalar a’zolari.
Bepul davolanadigan kasalliklarning to‘liq ro‘yxati bilan havola orqali tanishish mumkin.