Jahon banki O‘zbekistonga kichik gidroenergetika sohasini rivojlantirish va butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish uchun 150 mln dollar miqdorida kredit ajratadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda.
Loyiha xususiy sektor, jumladan, mahalliy kichik gidroelektr stansiyalari ishlab chiquvchilari va banklar ishtirokida amalga oshirilmoqda. Hukumat 3 mingga yaqin KGES qurilishiga sarmoya kiritishni va 2026-yilgacha ularning o‘rnatilgan quvvatini 160 MVtga yetkazishni rejalashtirmoqda, bu esa qo‘shimcha 280 ming kishini elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Loyiha 2030-yilga borib umumiy o‘rnatilgan quvvati 150 MVt gacha bo‘lgan KGES qurilishini moliyalashtirish imkonini beradi. Ularda yiliga 520 gigavatt-soatdan ziyod ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, loyiha karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 430 ming tonnagacha kamaytirishga yordam beradi.