O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyuldan qonunchilikda muhim o‘zgarishlar kutilmoqda. Norma portali o‘zgarishlarning asosiylarini keltiradi.
Pensiya va nafaqalar miqdori oshirilishi
Pensiya va nafaqalar, shuningdek, bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlari miqdori 10 foizga oshiriladi. Bunda quyidagilar belgilangan:
- yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 918 ming so‘m;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1,012 mln so‘m;
- kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori: 360 ming so‘m – 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik bola uchun, 275 ming so‘m – 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta bola uchun, 165 ming so‘m – qo‘shimcha ravishda oiladagi ikkinchi bola uchun, 110 ming so‘m – oiladagi uchinchi va undan keyingi har bir bola uchun;
- kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 ming so‘m;
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 471 ming so‘m.
Pensiya tayinlash tartibi
Quyidagilarni nazarda tutuvchi fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarini proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi:
- fuqarolarga alohida murojaat qilmasdan I yoki II guruh nogironligi belgilanganligi munosabati bilan pensiyalar tayinlash;
- ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida kompensatsiyalar tayinlash;
- nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda fuqaroning pensiyasi miqdorini har ikki yilda qayta hisoblashni amalga oshirish.
Ustamalar
O‘zbekistonning barcha davlat tibbiyot muassasalarida maxsus ko‘nikmalarni talab etadigan davolash tadbirlari va yuqori xavf darajasidagi operatsiyalarni samarali amalga oshirgan shifokorlarga kasalliklarning og‘irlik darajasi va ularni davolashning murakkabligiga qarab oylik lavozim maoshining 25 foizidan 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lash tizimi joriy etilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari
Qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning proaktiv shaklda murojaatisiz qo‘llaniladi.
Veterinariya va fitosanitariya sohasidagi muhrlar va shtamplar
Veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga muhr va shtamplar bosish, har qanday hujjatlarni yozma ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinadi. Barcha tartib-taomillar ushbu hujjatlarni elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.
OSAGO chegarada
Chegaradan o‘tayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish joriy etilmoqda. Bunda:
- sug‘urta polisini rasmiylashtirish bojxona organlarining axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
- xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi fuqarolik javobgarligi sug‘urta polisi mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik
2028-yil 1-yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes subyektlariga yangi majburiyatlar yuklashni nazarda tutuvchi NHHlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlari uchun yangi yoki amaldagi tartibga solish vositalarini kuchaytiruvchi NHHga nisbatan «yagona sanadan boshlab yangi qoidalar» prinsipi qo‘llaniladi va ko‘rsatilgan normalarning kuchga kirish sanasi 1-yanvar yoki 1-iyul etib belgilanadi.
2028 yil 1 yanvarga qadar «Birinchi imkoniyat» tamoyili joriy etiladi, ya’ni faoliyatining birinchi yili davomida savdo va tadbirkorlik sohasida birinchi marta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan kichik tadbirkorlik subyektlari ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
Davlat funksiyalari
Quyidagi davlat funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi:
- rieltorlar va baholovchilarning malaka imtihonini o‘tkazish va ularga malaka sertifikatini berish;
- sud boshqaruvchisining malaka attestatini berish;
- baholovchilarga toifalar berish;
- hisoblagichlarni qiyoslash;
- karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya qilish) faoliyati;
- gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchiga malaka sertifikatini berish;
- tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va boshqalar.
Ulushdorlarni himoya qilish choralari
Obyektlar qurilishida ulushli ishtirok etish asosida ulushdorlarning pul mablag‘larini jalb etish qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar (quruvchilar) tomonidan faqat kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan obyekt qurilishida ulushli ishtirok etish asosidagi notarial tasdiqlangan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
QQS bo‘yicha imtiyozlar
Yagona tariflar bo‘yicha yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz bekor qilinadi.
Bolalar bog‘chalaridagi davomatni hisobga olish
Barcha davlat MTTlarida «Bolalar bog‘chasi» axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron qatnovi, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning ovqatlanish xarajatlari hisobi yuritilishi joriy etiladi.