DXX xodimlari jinoyat ishi bo‘yicha yordam berish evaziga pul olgan Urganch shahar prokuraturasi xodimini qo‘lga oldi.
Urganch prokuraturasi katta tergovchisi mahalliy fuqarodan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi materiallari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan va hamkasbining ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergovni sudga ayblov xulosasini yubormasdan to‘xtatish evaziga 3000 AQSH dollari talab qildi.
Tergovchi 1000 dollar, 10 mln so‘m, 1000 dollarlik bitta seyf va 1,3 mln so‘mlik ofis stoli olgan. Biroq fuqaro o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilmay, ayblov xulosasi bilan sudga yuborilganini bilgach, pul va mol-mulkini qaytarib berishni so‘ragan.
Buyumlarning bir qismini qaytarish vaqtida tergovchi DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuratura xodimiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.