Interpol tomonidan qidiruvga berilgan 12 nafar O‘zbekiston fuqarosi BAAdan ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Arab hamkasblari bilan onlayn muzokaralar chog‘ida jinoyatchilarni aniqlash va topshirish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini faollashtirish va o‘tkazishda ikki tomonlama yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi. Qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxsni turli jinoyatlarni sodir etganlik uchun topshirishga kafolat olindi. Shuningdek, Kuzatuv guruhining BAAga tashrifi chog‘ida keyingi harakatlarni kelishish uchun yig‘ilish o‘tkazish taklif etildi.
Interpolning Abu-Dabi Milliy markaziy byurosi va Dubay politsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvda BAA hududida yashirinib yurgan va faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston va Arabiston tomonlari qidiruvdagi shaxslar va gumonlanuvchilar ro‘yxatlarini almashdi.
Interpolning Toshkentdagi Milliy markaziy byurosi xodimlari qidiruvdagi 12 nafar jinoyatchini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish jarayonini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Jinoyatchilar mamlakat sud organlari oldida javobgarlikka tortilishi va jazo olishi uchun topshiriladi.