Senat yalpi majlisida «O‘zbekistonning Yadroviy zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilishi haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonning ushbu Konvensiyaga qo‘shilishi natijasida atom energiyasidan foydalanishning fuqarolik obyektlarida sodir bo‘lgan noxush hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimini, zararni qoplash tartibi, shartlari va prinsiplarini belgilovchi asosiy normalar qo‘llaniladi. Yadroviy javobgarlik rejimi, shuningdek, yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga kompensatsiya to‘lashni nazarda tutadi.

Hujjat obyektlardagi hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadroviy zarar uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadroviy zarardan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilaydi.

Mamlakatning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi zararni qoplashning xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy mexanizmlarini ta’minlaydi, jabrlanuvchilar himoyasini kuchaytiradi, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilaydi va ehtimoliy zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi.

Senatorlar bu milliy yadroviy xavfsizlik tizimiga ishonchni oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yadroviy javobgarlik sohasida zamonaviy standartlarga rioya etilishini ta’minlash imkonini berishini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bilan hamkorligi kengayadi va uning dasturlari doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar faollashadi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.