Pensiya jamg‘armasi XVJning O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha taklifiga munosabat bildirdi.

Jamg‘armaning aniqlik kiritishicha, bugungi kunda yoshni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Xalqaro ekspertlarning pensiya islohoti bo‘yicha takliflari mamlakat sharoitiga mosligi, aholi turmush darajasiga ta’siri va iqtisodiy oqibatlari nuqtai nazaridan tahlil qilinmoqda.

“Pensiya ta’minoti tizimidagi har qanday o‘zgarishlar, jumladan, pensiya yoshi masalasida ham xalqning fikri va manfaatlarini inobatga olgan holda, keng jamoatchilik muhokamasidan keyin, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi shart. Pensiya ta’minoti bo‘yicha real ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalardan olishni unutmang”, — deyiladi xabarda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari O‘zbekiston pensiya tizimi barqarorligini ta’minlash va pensiyalarning yetarli darajasini ta’minlash uchun isloh qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Tashkilotning qayd etishicha, keksalikda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan har qanday ijtimoiy nafaqalar qat’iy manzilli bo‘lishi kerak. Ular bir-birini takrorlamaslik uchun byudjetdan moliyalashtirilishi va boshqa ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan bog‘liq holda boshqarilishi kerak.