Qashqadaryoda ikki yoshli xususiy bog‘cha tarbiyalanuvchisi vafot etdi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Fojia 20 iyun kuni Koson tumani «Ushoqtepa» mahallasidagi bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan. Marhuma qizning buvisining aytishicha, bog‘ mudirasining o‘zi bolalarni har kuni Spark avtomobilida olib yurgan. O‘sha kuni u qizchani ham olib ketdi. Shifoxonada marhumaning yaqinlariga qizaloq mashinada qolib ketib, bo‘g‘ilib o‘lgani haqida xabar berilgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. O‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tekshiruvni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazishga va’da berishdi. Uning natijalari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.