Toshkentda 1,5 mlrd so‘mlik sintetik giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Qoradori-2025» reydlari doirasida Chilonzor tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida tumandagi mavzelardan birida bir erkak qo‘lga olingan. Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan shaxsiy tintuvda uning yonidan 5 gramm giyohvandlik moddasi topilgan.
Keyinchalik uning yashash joyida tintuv o‘tkazilib, u yerda katta miqdorda giyohvand moddalar saqlangani aniqlandi, xususan:
- oq rangli kukunsimon moddalarni o‘z ichiga olgan turli xil zip-paketlari bo‘lgan uchta qora paket;
- ko‘k rangli izolentaga o‘ralgan kukunsimon moddalar;
- elektron tarozilar va qadoqlash materiallari.
Ko‘rilgan choralar natijasida 1 mlrd 506 mln so‘mlik 1 kg 205 g sintetik giyohvandlik vositalari sotilishining oldi olindi. Qayd etilishicha, bunday miqdordagi giyohvand moddalarni 6 ming kishi iste’mol qilgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.