AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Tehron uranni boyitish g‘oyasidan voz kechishi sharti bilan Eronga tinch yadro dasturini rivojlantirish uchun taxminan 30 milliard dollar sarmoya olishda yordam berish rejasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda CNN nashri xabar bermoqda.
Mamlakat hukumati so‘nggi ikki hafta davomida Yaqin Sharq mamlakatlari bilan investitsiyalarni muhokama qildi. Taxminlarga ko‘ra, pullar AQShdan emas, balki arab mamlakatlaridan keladi.
“AQSH bu muzokaralarda yetakchilik qilishga tayyor. Kimdir yadro dasturini amalga oshirish uchun pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi, ammo biz bunday majburiyatlarni o‘z zimmamizga olmaymiz”, — dedi Tramp ma’muriyatining ismi oshkor etilmagan vakili.
Amerikalik amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, yana bir qancha takliflar ilgari surilgan. Ular orasida Erondan ba’zi sanksiyalarni olib tashlash va Tehronga xorijiy banklardagi hisoblarda saqlanayotgan 6 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlardan foydalanish imkoniyatini berish ham bor.
Yana bir g‘oyaga ko‘ra, Fors ko‘rfazidagi AQSH ittifoqchilari Fordodagi Amerika zarbalaridan zarar ko‘rgan yadroviy inshoot o‘rniga infratuzilma yaratishga pul to‘lashi mumkin, bunda ham uranni boyitish imkoniyati yo‘q.