«Manchester Siti»ga egalik qiluvchi City Football Group kompaniyasi O‘zbekistondagi futbol klublaridan biriga egalik qilishi mumkin. «Chempionat Aziya» nashri MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarovning so‘zlarini keltirmoqda.

Shaharliklar safiga Abduqodir Husanov kelib qo‘shilgach, o‘zbek futboliga qiziqish ortdi. Hozirda O‘zbekiston futbol klublaridan birini City Football Group tarkibiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bundan tashqari, «Man Siti»ga yana bir o‘zbekistonlik futbolchi o‘tishi mumkin.

City Football Group Angliyaning «Manchester Siti,» Avstraliyaning «Melburn Siti,» MLSning «Nyu-York Siti,» Hindistonning «Mumbay Siti,» Urugvayning «Montevideo Siti Torke,» Fransiyaning «Trua,» Belgiyaning «Lommela,» Italiyaning «Palermo» va Braziliyaning «Baiya» klublarining asosiy egasi hisoblanadi.

Guruh, shuningdek, Ispaniyaning Girona, Xitoyning Shenzhen Peng City, Yaponiyaning Yokohama F. Marinos kompaniyalarida ulushlarga ega va Boliviyaning Bolivaru kompaniyasiga maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi. Xolding Shayx Mansur Ol Nahayonga tegishli.