O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar, fuqarolar va korxonalarning ayrim toifalari uchun yangi soliq imtiyozlari tasdiqlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonunda aytilgan.

«Mahalla servis» tizimidagi obodonlashtirish, tozalikni ta’minlash, ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish va parvarishlash korxonalari ushbu ishlarni bajarish va aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishdan olingan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, ushbu tadbirlar doirasida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun yer solig‘i bekor qilinadi. Shuningdek, xodimlarning ish haqidan daromad solig‘i ushlab qolinmasligi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ularning daromadini oshirish va korxonalarga soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.

Shuningdek, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etuvchilarning va ularning turmush o‘rtoqlarining daromadlari ham soliqdan ozod qilinadi. Ushbu qaror texnogen ofat natijasida jabrlangan fuqarolarni qo‘shimcha ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida ro‘yxatdan o‘tgan charm-poyabzal korxonalari ham foyda solig‘idan vaqtincha ozod qilindi.