Andijon va Jizzax viloyatlarida pul evaziga tibbiyot muassasalariga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Paxtaobod tuman IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalliy tibbiyot birlashmasining kadrlar bo‘limi xodimi qo‘lga olindi. Fuqaroning ishonchiga kirib, uni ishga joylashtirish uchun 500 dollar talab qilgan. Erkak pul olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Xuddi shunday holat Jizzaxda ham sodir bo‘ldi. Departament va Jizzax shahar IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasiga ishga kirishni va’da qilib, fuqarodan 21 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.