30-iyundan boshlab Rossiyaga vizasiz rejimda kelayotgan chet el fuqarolari ruID ilovasi orqali oldindan raqamli ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Rossiya elchixonasining tushuntirishicha, arizaning yo‘qligi chegara nazoratiga ta’sir qilmaydi va mamlakatga kirishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Rossiya hukumati ruID ilovasidan foydalangan holda Rossiya Federatsiyasiga kirish to‘g‘risidagi arizani eksperiment doirasida ixtiyoriy ravishda to‘ldirish bo‘yicha yondashuvni ma’qulladi. Biroq, agar ruID ilovasida kirish uchun ariza to‘ldirilgan bo‘lsa, chet el fuqarolari uchun quyidagilar mavjud bo‘ladi:
- Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan chet el fuqarosining Rossiya Federatsiyasiga kirishiga cheklovlar mavjudligini oldindan tekshirish imkoniyati;
- Rossiya Federatsiyasiga kirishda xorijiy fuqaroga SIM-kartani sotib olish uchun zarur bo‘lgan SNILS avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi;
- arizada keltirilgan ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlari bilan onlayn tarzda o‘zaro hamkorlik qilish imkonini beruvchi raqamli profilni yaratish imkonini beradi (DMS polisini sotib olish, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish va h.k.).
Rossiyaga kirishning yangi qoidalari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.