Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘rni va ahamiyati katta ekanini ta’kidladi.

Global ijtimoiy-siyosiy jarayonlar beqiyos shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi o‘ta murakkab va notinch dunyoda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ta’siri har qachongidan ham kuchli ahamiyat kasb etayotganini hammamiz sezib-anglab turibmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident jurnalistlar mehnatini vatan himoyachilarining jasorati bilan ham taqqosladi.

Shu ma’noda, bepoyon mediaolamda xolis va haqqoniy axborot tarqatish bilan birga, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qiladigan jurnalist ahlining mashaqqatli mehnatini muqaddas sarhadlarimizda sergak turgan Vatan posbonlarining jasoratiga qiyoslasak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi. Ushbu qutlug‘ ayyomda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy ishlarga o‘z iste’dodi, professional mahorati bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan ommaviy axborot vositalarining barcha xodimlariga xalqimiz nomidan yuksak hurmat va ezgu tilaklar izhor etish men uchun katta sharafdir, — deyiladi tabrikda.

Davlat rahbari jadid ma’rifatparvari Hoji Muinning «Matbuot tarixi – Uyg‘onish davri tarixining bir bo‘lagidir», degan so‘zlarini keltirdi. Mirziyoyev mamlakatda OAV sohasini rivojlantirish borasidagi muvaffaqiyatlarni ham tilga oldi. Shunday qilib, mamlakatda 2400 ga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritadi, ularning 65 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet-resurslar tobora ko‘payib bormoqda, ularning foydalanuvchilari soni 14,7 milliondan 32,7 millionga yetdi, axborot materiallari yaratuvchilari safi kengaymoqda, bu esa mamlakatning media sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini, matbuot va so‘z erkinligining qonuniy ijrosini ta’minlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash bilan birga, ularni zararli axborotlardan himoya qilishga ham alohida e’tibor bermoqdamiz. Bu borada 2030 yilgacha bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar, jumladan, nashr mahsulotlari foyda solig‘idan ozod qilinib, ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilangani, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibi joriy etilgani muhim qadam bo‘ldi, — deyiladi xabarda.

Prezident onlayn platformalar va veb-saytlardan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ta’kidladi. Sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanmoqda, jurnalistika uchun katta imkoniyatlar ochilmoqda, bu esa sohadagi ishlarni zamon talablariga mos ravishda tashkil etish zarurligini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda mamlakatda jurnalistlarning yangi avlodi shakllanmoqda, ular chet tillarni, IT sohasini chuqur biladigan, fidoyi va vatanparvar, haqiqiy professional kadrlardir.

Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalarida xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlash, professional bilim va mahoratni oshirib borish, axborot tarqatishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, aholi o‘rtasida axborot, bahs va muloqot madaniyatini shakllashtirish, jamiyatimizdagi turli illatlar, korrupsiya balosiga qarshi kurashish kabi dolzarb vazifalar bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur, — deyiladi xabarda.

Jurnalistlar va ijodiy jamoalarining takliflarini inobatga olib, bu yil “Oltin qalam” milliy mukofoti ilk bor 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida topshiriladi.

Fursatdan foydalanib, bugun sizlarning ishtirokingizda tantanali ravishda taqdirlanadigan barcha tanlov g‘oliblarini va yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Sizlarning har biringiz kelgusida o‘z tajriba va mahorat maktabingizni yaratib, milliy jurnalistikamiz ravnaqiga yanada katta hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman. Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bundan buyon ham Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.