O‘zbekiston DXX va IIV xodimlari Telegram messenjeri orqali turli hududlarda giyohvand moddalarni tarqatgan giyohvandlik tarmog‘ining olti nafar gumonlanuvchi ishtirokchisini qo‘lga oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Operatsiya Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida o‘tkazildi. Qo‘lga olingan 5 nafar shaxsdan Andijon viloyatidagi mijozlarga mo‘ljallangan 0,3 grammdan qadoqlangan 400 gramm «Alfa-PVP» moddasi olib qo‘yilgan. Qo‘lga olinganlarning ko‘rsatmalari asosida viloyatda xuddi shunday dozada modda saqlangan 53 ta yashirin joy aniqlangan.

Toshkentning Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «giyohvandlik do‘koni» operatori – Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi 22 yoshli shaxs qo‘lga olindi. Uning avtomobilida DXX xodimlari 986 gramm gashish va 7 kg «Alfa-PVP» moddasi borligini aniqlashgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh Toshkent shahri va mamlakatning olti viloyati – Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlarida kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan giyohvand moddalarni tarqatish bilan shug‘ullangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi, 25-moddasi (Giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Barcha ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.