30-iyundan boshlab Polsha to‘liq ish haqi saqlangan holda 4 kunlik ish haftasini joriy etish bo‘yicha eksperimentni boshlaydi. Bu haqda UNN INFORga tayanib xabar bermoqda.
Loyiha mehnatni tashkil etishga moslashuvchan yondashuvni ta’minlaydi va hayot sifatini yaxshilaydi, hissiy charchoqni kamaytiradi, shuningdek, demografik inqirozga qarshi kurashadi.
Biznes va davlat idoralarining yangi tizimga moslashishini qo‘llab-quvvatlash uchun hukumat tashkiliy o‘zgarishlar uchun 1 million Polsha zlotiysigacha (taxminan 276,5 ming dollar) mablag‘ ajratadi. Rasmiylarning fikricha, haddan tashqari bandlik oilaviy hayot va tug‘ilishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi – ayniqsa, Yevropadagi eng yuqori bandlik darajasiga ega mamlakatda.
Tajriba bir necha yil davom etishi mumkin. Bu vaqt davomida islohotlarning samaradorligi va ijtimoiy samarasi monitoringi olib boriladi. Qisqartirilgan ish haftasiga to‘liq o‘tishni 2027-yil noyabrgacha yakunlash rejalashtirilgan.