Qirg‘iziston Jogorku Keneshi yig‘ilishida deputatlar ikkinchi va uchinchi o‘qishda ayrim qonun hujjatlariga davlat tilini qo‘llash masalalari bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalari to‘plamini qabul qildi. Bu haqda 24.kg xabar bermoqda.

Tuzatishlar JK deputatlari, Vazirlar Mahkamasi raisi, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, Konstitutsiyaviy, Oliy, mahalliy sudlar sudyalari, prokurorlar, tergovchilarga qirg‘iz tilini bilish majburiyatini yuklaydi. Norma Milliy bank xizmatchilari, huquqni muhofaza qilish organlari va milliy xavfsizlik organlari xodimlariga ham taalluqli. Advokatlar va notariuslar ham qirg‘iz tilini yetarli darajada bilmasa, litsenziya ololmaydi.

Bundan tashqari, tashabbuskorlar tomonidan «Televideniye va radioeshittirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, davlat tilida ko‘rsatuv va eshittirishlarning umumiy hajmi 60 foizdan kam bo‘lmasligi belgilanmoqda.

Qonun loyihalari bilan «Tashqi migratsiya to‘g‘risida»gi Qonunga ham o‘zgartishlar kiritilmoqda. Masalan, mamlakatda doimiy yashash uchun zarur bo‘lgan hajmda davlat tilini bilmaslik yashash guvohnomasini berishni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin. Chet el fuqarosi ham qirg‘iz tilini bilmasa, muhojir maqomini ololmaydi.

Davlat tilida tayyorlangan reklama matni til to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga va imlo qoidalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan mahalliy davlat hokimiyati organi bilan kelishilgan bo‘lishi kerak.