Ijtimoiy tarmoqlarda erkakning ichki ishlar xodimiga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan izoh berdi.

Voqea 21 iyun kuni soat 14:30 larda Toshkent shahar Uchtepa tumani 31-mavzesida sodir bo‘lgan. Ikki fuqaro janjallashib, ular o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Janjal vaqtida erkak o‘tkir tig‘li jism bilan boshqa bir fuqaroga tan jarohati yetkazgan va voqea joyidan yashiringan. Jabrlanuvchi «chap ko‘krak qafasining sanchilgan-kesilgan jarohati» tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Voqea joyiga hududiy profilaktika inspektori yetib keldi. U zudlik bilan gumonlanuvchining turgan joyini aniqladi va uni qo‘lga olishga harakat qildi. U faol qarshilik ko‘rsatdi va inspektorga ham pichoq bilan hujum qildi. Ko‘rilgan choralar natijasida gumonlanuvchi profilaktika va patrul-post xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalil – pichoq bilan birga qo‘lga olingan. Ichki ishlar organlari xodimlari jabrlanmagan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi «m» bandi (qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolardan foydalanib qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.