Xorazm viloyatida ikki nafar FVB xodimi firibgarlik va pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tuproqqal’a tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi Hazorasp tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirdi. Uni Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 1,5 ming dollar talab qilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchini 400 dollar va 1,3 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olgan.
Yana bir holatda Shovot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi qo‘lga olingan. U fuqaroning ishonchiga kirib, unga haydovchilik guvohnomasini olishda yordam berishni va’da qilib, buning evaziga 1,4 ming dollar va 1,3 mln so‘m olgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.