Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tumani sudining sobiq raisi Kamoliddin Murodov o‘lim bilan yakunlangan YTH uchun sudlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.
9-mart kuni u o‘zi bilan bir mashinada bo‘lgan advokatning o‘limiga sabab bo‘lgan avariya ishtirokchisiga aylangan. Haydovchi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, Murodov mast holda rulda ketayotib, yo‘l chetiga chiqib ketgan va daraxtga borib urilgan. Murodovning o‘zi rulda bo‘lganini rad etgan. Biroq, sud-tibbiy ekspertizasi voqea sodir bo‘lgan vaqtda aynan u avtomobilni boshqarganini tasdiqladi.
2024-yil dekabr oyi oxirida Kamoliddin Murodov suddan yashiringandi. Shu munosabat bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi sudi unga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan va qidiruv e’lon qilgan.
Murodovning ishi Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq majlisida ko‘rib chiqildi. Sud Kamoliddin Murodovni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topdi.
Sudlanuvchiga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni manzil-koloniyada o‘taydi.