Qonunchilik palatasi deputatlari bozor islohotlarini va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga oid qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Bozor islohotlari va O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi doirasida ayrim yirik davlat korxonalarining maxsus huquqlari bosqichma-bosqich bekor qilinmoqda. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri qonunchilikni uning bitimlari bilan uyg‘unlashtirishdir.

Xususan, qonun loyihasi bilan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi hamda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, qora va rangli metallar parchalari va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi qora va rangli metallar parchalari va chiqindilari, tabiiy gaz savdosi sohasiga xususiy sektor va innovatsiyalarni jalb qilish, shuningdek, raqobatbardosh va ochiq bozor muhitini yaratishga qaratilgan. Hujjat deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.