2025-yilda «Haj-2025» mavsumida 15 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi ziyoratga bordi. Bu haqda Dunyo xabar bermoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga haj ziyoratini ado etish uchun kelishi 13-maydan boshlanib, 30-mayga qadar davom etdi. O‘zbekistonlik ziyoratchilarning O‘zbekistonga qaytishi 12-iyundan boshlanib, 29-iyungacha davom etdi.
Ziyoratchilarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida Jidda shahridagi Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportdan har kuni mamlakatning bir nechta hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirildi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘zbekistonlik ziyoratchilarning salomatligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilganiga qaramay, shuningdek, bu yilgi ziyorat yilning issiq mavsumiga to‘g‘ri kelgani sababli surunkali kasallikka chalingan 4 nafar yurtdoshimiz vafot etdi.
Bundan tashqari, Haj ziyorati paytida Musulmonlar idorasining ogohlantirishlariga qaramay, Saudiya Arabistoniga noqonuniy yo‘llar bilan kelgan 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Aylanma yo‘llardan foydalanishda ular tibbiy xizmatdan foydalana olmagan, afsuski, ularga hatto birinchi tibbiy yordam ham ko‘rsatilmagan.
40 nafardan ortiq ziyoratchi Haj amalini bajarish davrida hujjatlari yo‘qolgani sababli diplomatik vakolatxonalarga murojaat qilgan. Ularga O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnomalar beriladi. O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi ziyorat davomida qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga barcha zarur konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.