Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori pichoqlanib, vafot etdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

1-iyul kuni soat 20:50 da huquqni muhofaza qiluvchi organlarga “Yuksalish” mahallasidagi xonadonlardan birida janjal kelib chiqqani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga inspektor va mahalla raisi yetib borgan.

65 yoshli erkak mast holda oila a’zolariga pichoq bilan tahdid qilgan. Uni zararsizlantirish jarayonida katta leytenant ko‘kragidan og‘ir jarohat olgan. Ko‘rsatilgan yordamga qaramay, profilaktika inspektori shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi erkak voqea joyidan yashiringan, hozirda tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.