AQSHda “Alligator Alkatras” migrantlarni saqlash markazi ochiladi. Unga allaqachon prezident Donald Tramp tashrif buyurgan. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Saqlash markazi treylerlar va chodirlardan iborat bo‘lib, Evergleyds tabiiy majmuasi o‘rtasidagi uchish-qo‘nish yo‘lagida joylashgan. Florida gubernatori Ron Desantisning ta’kidlashicha, markazni saqlash davlatga yiliga 450 million dollarga tushadi. Unda bir necha ming noqonuniy muhojirlarni joylashtirish mumkin bo‘ladi.
“Agar kimdir qochib ketsa, u alligatorlar bilan muomala qilishiga to‘g‘ri keladi”, — dedi Desantis va Evergleyds milliy bog‘ida bunday yirtqichlar ko‘pligini ta’kidladi.
Demokratik partiya vakillari loyihani tanqid qilishdi. Ular alligator va ilonlar yashaydigan hududga noqonuniy muhojirlarni joylashtirishni g‘ayriinsoniy deb hisoblashadi.
Ekologiya himoyachilari ham ushbu markaz ochilishiga qarshi chiqishmoqda. Ularning fikricha, bu ekotizimga zarar yetkazadi. Mahalla 96 foiz suv-botqoq yerlaridan iborat bo‘lib, u yerda butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida bo‘lgan Florida pumasi yashaydi.