Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi besh yilda tarmoq eksporti qariyb 1 milliard dollarga ko‘paygan. Internet tezligi 7 barobar, mobil internet tezligi 4,5 barobar oshdi. O‘tgan yili startaplar 70 million dollarlik venchur investitsiyalarini jalb qildi.
Kelgusi yilda davlat xizmatlarining 70 foizini raqamlashtirish, IT xizmatlar hajmini 100 trillion so‘mga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida kamida 55-o‘ringa ko‘tarilish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda 760 turdagi davlat xizmatlari raqamlashtirildi. O‘tgan yili 10 million fuqaro raqamli xizmatlardan foydalangan. Prezident navbatdagi bosqich — “Raqamli hukumat”ga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi.
Avvalo, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan sohalar — ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish va kommunal xo‘jalikdan boshlash kerakligi qayd etildi.
O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Bu sohada infratuzilmani rivojlantirish uchun 50 million dollar mablag‘ ajratilgan. Sun’iy intellektning milliy modelini yaratib, 1 million mutaxassis tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Sohada xizmatlar va eksport hajmini oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Bugungi kunda ko‘rsatkichlarning asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekistonda yaratilgan sharoit va imtiyozlar tufayli relokantlar mamlakatimizda ishlashga qiziqish bildirmoqda. Bu borada har bir hududda jozibador muhit yaratish, xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.