2-iyuldan boshlab O‘zbekistonda agregatorlar 100 million so‘mdan yuqori daromadga ega bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar va kuryerlar uchun soliq to‘laydi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
1 iyul holatiga 208 ta yuridik shaxs – onlayn taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilingan. 430 mingdan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar ushbu agregatorlar orqali aholiga yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatmoqda. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon agregatorlar byudjetga 89,6 milliard so‘m soliq o‘tkazgan.
2-iyuldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan haydovchining daromadi yiliga 100 mln so‘mdan oshsa, bunday daromadlardan soliqlar soliq organlarining bildirishnomasi asosida to‘lov manbaida agregatorlar (soliq agentlari) tomonidan ushlab qolinadi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon 189 nafar o‘zini o‘zi band qilganlarning daromadi 100 million so‘mdan oshgan.