O‘zbekistonda ortiqcha to‘langan soliqlarni boshqa turdagi to‘lovlarga yo‘naltirishga ruxsat berildi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan qonunda aytilgan.

O‘zR Soliq kodeksining “Ortiqcha to‘langan va ortiqcha undirilgan soliqlarni hisobga olish va qaytarish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar” 103-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Endilikda soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasi, agar qarzdorlik mavjud bo‘lmasa, ushbu soliq to‘lovchiga qaytarilishi lozim yoxud ushbu soliq turi yoki boshqa soliq turlari bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinishi mumkin.

Ilgari faqat shu soliq turi bo‘yicha qaytarish nazarda tutilgan edi. Bunda boshqa turdagi soliqlar bo‘yicha kelgusi majburiyatlarni hisobga olish soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining yozma yoki elektron arizasiga ko‘ra uch ish kuni ichida amalga oshiriladi, ilgari bunga 15 kun ajratilgandi.