Shavkat Mirziyoyev tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2026-2027-yillarda investitsiya dasturi doirasida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zali va fondi binosini rekonstruksiya qilish, Toshkent fotosuratlar uyida Multimedia markazi tashkil etish rejalashtirilgan.
San’atsevar yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi. Jumladan, Badiiy fond hududida zamonaviy galereya hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi barpo etiladi, Sharq miniatyura san’ati muzeyida o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil qilinadi. Benkov nomidagi rassomlik maktabi ta’mirlanib, 400 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi, 200 o‘rinli yotoqxona quriladi.
“Ustoz-shogird” tamoyili asosida yosh qalamkashlarni tarbiyalab kelayotgan tajribali rassomlar qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi. Har yili tanlov asosida eng iste’dodli ijodkorlar xorijiy mamlakatlarga tajriba almashishga yuboriladi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘riladi.
Bu yerda ilg‘or xorijiy o‘quv reja va dasturlar bosqichma-bosqich joriy etiladi. Professor-o‘qituvchilarning munosib badiiy asarlari ilmiy monografiyaga tenglashtiriladi. Shuningdek, bu institutni bitirgan mutaxassislarga maktablarda tasviriy san’at fanidan dars o‘tishga ruxsat beriladi.
“Yangi O‘zbekiston manzaralari”, “Tarixiy allomalar” va “Zamon qahramonlari” turkumidan ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident hududlarda ham rassomlar uchun sharoitlarni yaxshilash, yoshlarni tasviriy va amaliy san’atga jalb etish zarurligini ta’kidladi.