O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi rejalari haqida ma’lumot berdi.

Davlat rahbari Boku, Xonkendi, Shusha va Ag‘dam shaharlariga tashrif buyuradi. Ikki mamlakat yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazadilar, “O‘zbekiston” bog‘iga asos soladi va Bokuda O‘zbekiston elchixonasining yangi binosini ochadi.

3-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev muloqotni Ozarbayjonning Qorabog‘ tumanida davom ettirib, Xonkendidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi va Agdam shahridagi “Imorat” tarixiy-me’moriy majmuasiga tashrif buyuradi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kelishuvlarning salmoqli to‘plami shakllantirildi. Tashrifning bunday mazmunli dasturi 2024-yilda ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining misli ko‘rilmagan yuksak darajasini aks ettiradi va ikki davlat rahbarlarining avvalgi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘lib xizmat qiladi.