Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerning Rossiyadan chiqib ketayotgani haqidagi yangiliklar to‘lqiniga munosabat bildirdi.

Durovning aytishicha, dastlab hajviy nashrda hazil sifatida e’lon qilingan yangilik tez orada jiddiy kanallar tomonidan hazil ekanligini ta’kidlamasdan qayta tarqatila boshlangan.

“Hatto Telegram kanallardagi shunday xabarlar ostiga raddiya yozib qo‘yishga majbur bo‘ldik. Bundan oldin bir qator ommaviy axborot vositalari OSINT kanallarining siyosiy sabablarga ko‘ra bloklangani haqida yolg‘on xabar tarqatgandi.

Aslida, bir nechta kanal shaxsiy ma’lumotlar e’lon qilingani sababli avtomatik skriptlar yordamida qisqa muddatga to‘xtatilgan, ammo ommaviy axborot vositalaridagi xabarlar hodisadan bir necha kun o‘tgach ham paydo bo‘lgan — ko‘pincha kanallar darhol blokdan chiqarilgani haqida aytilmagan”, — dedi tadbirkor.

Shuningdek, u o‘tgan oyda “runet”da messenjer foydalanuvchilariga tahdid solayotgan Telegram IP-manzillari bo‘yicha “texnik jihatdan savodsiz tergov” muhokama qilinganini ta’kidladi.

Garchi bu nashr mustaqil mutaxassislar tomonidan bir necha bor rad etilgan bo‘lsa-da, raddiya, boshqa shunga o‘xshash holatlarda bo‘lgani kabi, dastlabki noto‘g‘ri xabardan ko‘ra kamroq e’tibor tortdi.

“Telegram 12 yildan ortiq vaqt davomida odamlarning shaxsiy hayoti va axborotdan erkin foydalanish huquqini himoya qilib kelmoqda. Shu sababli biz ko‘pincha turli tomonlardan ommaviy axborot vositalarining bosimiga duchor bo‘lmoqdamiz. Ehtimol, biz jurnalistlarning zararsiz xatolari bilan emas, balki Telegramni obro‘sizlantirish bo‘yicha maqsadli kampaniya bilan duch kelayotgandirmiz. Ehtiyotkor bo‘linglar!” — deb yakunladi Pavel Durov.