JSST dunyo mamlakatlariga 2035-yilgacha tamaki va alkogol mahsulotlari, shuningdek, tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklar narxini kamida 50 foizga oshirishni tavsiya qildi. Bu haqda tashkilot bayonotida aytiladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bunday chora har yili dunyodagi barcha o‘limlarning 75 foiziga sabab bo‘ladigan yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, jumladan yurak kasalliklari, saraton va diabet tarqalishini kamaytirishga yordam beradi.
Narxlarni oshirish aksizlar va boshqa soliqlarni oshirish hisobiga amalga oshirilishi taklif qilinmoqda. Bu nafaqat aholi salomatligini yaxshilash, balki davlat byudjetiga qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish imkonini beradi.
“Yaqinda e’lon qilingan hisobot shuni ko‘rsatdiki, ushbu mahsulotlar narxini bir marta 50 foizga oshirish keyingi 50 yil ichida 50 milliongacha bevaqt o‘limning oldini olishi mumkin”, — deyiladi bayonotda.