O‘zbekistonda yangi tashkil etilayotgan oliy ta’lim muassasalari faoliyati ikki bosqichda — ta’lim dasturlarini litsenziyalash va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish yo‘li bilan tashkil etiladi.
Nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari belgilandi. Bular:
- tashkil etilayotgan oliy ta’lim muassasasi konsepsiyasini taqdim etish;
- konsepsiyada ta’lim tashkilotining nomi, maqomi, boshqaruv tizimi va kadrlari, ta’lim va ilmiy faoliyatning asosiy yo‘nalishlari, qabul parametrlari, ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari, o‘qitish uchun kontrakt to‘lovi miqdori va hisob-kitobi, ta’lim muassasasini rivojlantirishning 5 yillik strategik rejasi va oliy ta’lim muassasasi faoliyati bilan bog‘liq boshqa muhim masalalar ko‘rsatiladi;
- nodavlat oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasi, ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondini (ustav kapitalini) kamida 2 mln dollarga teng miqdorda shakllantirish;
- kelgusida ushbu ustav fondi talabalar soni oshishiga mutanosib ravishda oshirib boriladi.
350 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar ariza beruvchi tomonidan tijorat banklarining depozitlariga joylashtiriladi. Tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoni uchun mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5000 kv. metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Shuni ta’kidlash kerakki, bino universitet mulki bo‘lishi shart emas, ya’ni uzoq muddatli ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi asosida ish boshlash mumkin.
Oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki besh yil mobaynida yillik sof foydaning kamida 80 foizini, keyingi yillarda esa kamida 50 foizini oliy ta’lim muassasasining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirishi lozim. Bunday investitsiyalar ta’lim sifatini yanada oshirishga, oliy o‘quv yurtlarining moliyaviy va boshqa barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Qaror kuchga kirgunga qadar nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olgan tadbirkorlik subyektlari 2026-yil 1-yanvarga qadar o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etsin.