Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uy aniqlandi. Bu haqda Arxitektura va qurilish sohasida nazorat agentligi xabar bermoqda.
Obyektning alohida bloklari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan, tasdiqlangan loyiha hujjatlari va qurilish nazorati o‘rnatilmasdan qurilgan. Shuningdek, qurilishda ruxsat beruvchi hujjatlar bo‘lmagan, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilinmagan va ishchilar xavf ostida bo‘lgan.
Bino konstruksiyasida nuqsonlar aniqlangan — yuk ko‘taruvchi beton yuzalarida bo‘shliqlar mavjud, poydevor ostida suv to‘plangan, bu esa uyning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qo‘pol qoidabuzarliklar tufayli qurilish to‘xtatildi. Quruvchiga barcha kamchiliklarni bartaraf etish va ishlarni qonunchilikka muvofiqlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.