Toshkentda bankdan 90 ming dollar o‘g‘irlashga aloqador bir necha kishi qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
18-iyun kuni Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga Tenge Bank chakana xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘idan ariza kelib tushgan. Noma’lum shaxslar 90 ming dollar miqdoridagi pulni qo‘lga kiritgan.
Mutaxassislarning aniqlashicha, o‘sha kuni bir necha kishi bank kassasiga mijoz sifatida tashrif buyurgan va POS-terminalga soxta ma’lumotlarni kiritib, pulni naqdlashtirgan. Tez orada huquq-tartibot idoralari guruhning barcha a’zolarini qo‘lga oldi.
“Bir yil oldin turli telegram guruhlarga a’zo bo‘lib, xitoyliklar bilan muloqot qildim. Ulardan turli firibgarlik sxemalari haqida bilib oldim, dasturlarni sinab ko‘rishni boshladim, turli do‘konlarga kirib, hamma narsa qanday ishlashini tekshira boshladim. Keyin bank xodimiga tashlandi. U bilan kelishib, bankka kirdik va dastur orqali 90 ming dollarni yechib oldik”, — dedi gumonlanuvchilardan biri.
Tintuv davomida 12 ta mobil telefon, POS-terminal, 9 ta bank kartasi, 1,6 mln so‘m va 36,4 ming so‘m naqd pullar olib qo‘yilgan. To‘qqiz nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.