4 -yul kuni Andijon viloyatida profilaktika inspektorini o‘ldirgan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Erkak Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasi “Suqoloq” qabristonida makkajo‘xori poyasi orasiga yashiringan. Qo‘lga olish vaqtida gumonlanuvchi o‘zining qorin sohasiga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yotqizilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.

Shuningdek, IIV jinoyatchini qo‘lga olishda yordam bergan fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi.