Parij-2024 Olimpiadasi g‘olibi Diyora Keldiyorova Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) sportchilar komissiyasi a’zosi etib saylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Turli qit’alardan 20 nafar dzyudochi ushbu komissiya a’zoligiga tavsiya etildi. Ulardan beshtasi qit’a dzyudo konfederatsiyalari, to‘rttasi IJF Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 9 nafar nomzod Xalqaro dzyudo federatsiyasi sportchilar komissiyasining yakuniy tarkibiga kiritildi. Ular orasida Janubiy Afrika Respublikasi, Yaponiya, Italiya, Avstraliya, Kuba, Kosovo, Chexiya, Ozarbayjon vakillari, shuningdek, O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik Diyora Keldiyorova ham bor.
Komissiya a’zolari dzyudochilar manfaatlarini himoya qiladi va 2025-2029 yillardagi Olimpiya sikli davomida IJF sport siyosatini shakllantirishda ishtirok etadi.