O‘zbekiston va Misr o‘rtasida urug‘lik kartoshka yetishtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Hujjatni Misrning EFC Plants kompaniyasi va O‘zbekistonning “Agro Gold Premium” kompaniyasi imzoladi. Bu haqda EastFruit xabar bermoqda.
Kelishuv Qohirada Qashqadaryo viloyati tadbirkorlari va Misrning yetakchi agrosanoat kompaniyalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi biznes-forumi yakunlari bo‘yicha imzolandi.
Ishtirokchilar kartoshkachilik va shakar sanoati sohasida tajriba almashdilar, shuningdek, O‘zbekiston agrosektoridagi investitsiyalar istiqbollarini muhokama qildi.
Navbatdagi qadam O‘zbekiston hududida urug‘lik kartoshka yetishtirishning to‘liq siklini mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘ladi.