Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Ozarbayjonda o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston prezidenti sammit butun jahon hamjamiyati keskin inqirozni boshidan kechirayotgan murakkab sharoitda o‘tayotganini ta’kidladi.

Ayniqsa, aksariyat ziddiyat va nizolar aynan ushbu tashkilot makonida sodir bo‘layotgani fikrimizning yaqqol isbotidir. So‘nggi oylarda Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan voqealar barchamizni chuqur tashvishga solmoqda.

“Xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zo‘ravonlikka keng yo‘l ochmoqda. Xususan, Tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirdi”, — dedi prezident.

Davlat rahbari Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu qarorni mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.

“Bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz. Ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi Falastin-Isroil mojarosini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikka erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Biz G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitdan azob chekayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdorimiz”, — dedi u.

O‘zbekiston prezidenti yadro quroli masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.