Markaziy bank banklar kesimida kredit turlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Regulyator 2-iyuldan boshlab tajriba tariqasida tegishli tahlillarni o‘tkazmoqda.

Markaziy bankning qayd etishicha, bunday ma’lumotlar fuqarolar uchun turli banklarning takliflarini taqqoslash va eng maqbulini tanlash uchun muhimdir. Yangi ma’lumotlarning e’lon qilinishi bozorda axborot noaniqligini kamaytirishi, shaffoflikni oshirishi, tanlov imkoniyatini kengaytirishi kutilmoqda.

1-iyul holatiga ko‘ra, avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 24,1 foizni, mikroqarzlar bo‘yicha 34,9 foizni tashkil etdi. Mikroqarzlarni hisobga olmaganda, jismoniy shaxslar uchun barcha kreditlarning o‘rtacha stavkasi 23,7 foizni, yuridik shaxslar uchun esa 23 foizni tashkil etadi.

Avtokreditlar bo‘yicha eng past stavkalar Ipoteka-bank (21,1%), Orient Finans Bank (21,3%) va Milliy bankda (23,5%) qayd etilgan. Eng ko‘p — Hamkorbank (29%), Madad Invest Bank va InfinBank (28% dan).

Mikroqarzlar bo‘yicha Aloqabank (21,4%), InfinBank (25,6%) va Milliy bankda (25,9%) eng maqbul takliflar mavjud. Eng qimmat mikroqarzlar Apexbank (40 foiz), TBC bank (39,1 foiz) va Tenge bank (39 foiz) ga to‘g‘ri keladi.