1-avgustdan O‘zbekistonda portlovchi va zaharli moddalar aylanmasiga talablar kuchaytiriladi. Bu haqda Norma axborot portali yozmoqda.
Endilikda portlovchi va xavfli moddalarni, shuningdek, portlatish materiallari va vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish uchun litsenziya olishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishish kerak bo‘ladi.
Bunda litsenziyalashda quyidagi talablarga rioya etish zarur:
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan normalar;
- Ichki ishlar vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ko‘rsatib o‘tilgan moddalar va buyumlarni faqat maxsus transport vositalarida tashishga doir talablari;
- organizmga ta’sir ko‘rsatish darajasi bo‘yicha zaharli moddalarni tasniflash to‘g‘risidagi Sog‘liqni saqlash vazirligining nizomlari (I – o‘ta xavfli, II – yuqori xavfli, III – o‘rtacha xavfli), shuningdek obyektning sanitariya-muhofaza zonasi bo‘yicha normalar;
- FVVning ushbu moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha talablari.
Bundan tashqari, hukumat yong‘in yoki portlash xavfini keltirib chiqaradigan kimyoviy moddalar, shuningdek, zaharli birikmalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham tasdiqladi.