“Paxtakor” klubi bosh murabbiy iste’fosini e’lon qildi. Bu haqda klubning Telegram kanalida xabar berildi.

Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, portugaliyalik murabbiy Pedro Moreyra va uning besh nafar yordamchisi bilan hamkorlik to‘xtatildi.

“Biz ushbu professionallarga klubdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildiramiz va ularning kelgusi ishlariga omad tilaymiz”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, may oyida og‘ir jarohat tufayli safdan chiqqan yarim himoyachi Jonatan Lukka bilan ham shartnoma bekor qilindi.

2024-yil dekabr oyida “Paxtakor” Pedro Moreyra klub bosh murabbiyi etib tayinlanganini e’lon qildi. Keyin u Maksim Shatskixning o‘rnini egalladi.