Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH prezidenti Donald Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishga qaror qildi. Bu haqda TASS nashri yozmoqda.
“Sizga Nobel qo‘mitasiga yo‘llagan maktubimni topshirmoqchiman. U sizni Tinchlik mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatadi. Siz bunga loyiqsiz va uni olishingiz kerak”, — dedi Netanyaxu Tramp bilan uchrashuvda.
Bosh vazir Oq uy rahbarining dunyoda va “ayniqsa Yaqin Sharqda” tinchlik va xavfsizlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholashini ta’kidladi.
So‘nggi bir oy ichida Donald Tramp ikki marta Tinchlik mukofotiga nomzod bo‘ldi. Pokiston hukumati Hindiston bilan mojaroni hal qilishda vositachilik qilgani uchun AQSH prezidenti nomzodini Nobel mukofotiga tavsiya qildi.
Keyinroq respublikachi kongressmen Baddi Karter Trampni Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroni hal qilishda vositachilik qilgani uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishni taklif qildi.