Shveysariya hukumati Novartis farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va vazni 4,5 kilogrammdan oshmaydigan chaqaloqlar va eng yosh bolalarni bezgakdan davolash uchun mo‘ljallangan yangi dorini ma’qulladi. Bu haqda BBC nashri yozmoqda.

Yaqin kunlarda eng zaif bemorlar uchun mo‘ljallangan preparat kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga yetkaziladi. Bolalar uchun bezgakni davolashning mavjud usullari go‘daklar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mos kelmaydi. Ammo shu paytgacha ular uchun maxsus tasdiqlangan dorilar yo‘q edi.

Buning o‘rniga chaqaloqlar katta yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan preparatlar bilan davolangan. Ammo bunday terapiya dozani oshirib yuborish xavfini tug‘diradi va tanasi dorilarni turlicha o‘zlashtiradigan chaqaloqlar uchun xavfsiz bo‘lmasligi mumkin.

Yaqinda Novartis farmatsevtika kompaniyasi Medicines for Malaria Venture notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Buyuk Britaniya, Shveysariya va Niderlandiya hukumatlari, shuningdek, Jahon banki va Rokfeller jamg‘armasi ko‘magida Coartem Baby yoki Riamet Baby deb nomlanuvchi preparatni ishlab chiqdi.

Dori allaqachon Shveysariya hukumati tomonidan tasdiqlangan va bir necha hafta ichida Afrika mamlakatlariga tarqatiladi. Novartis uni asosan notijorat asosida joriy etishni rejalashtirmoqda.