O‘zbekistonda birdaniga uch nafar amaldor pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Qoraqalpog‘istonda Beruniy tumani hokimi o‘rinbosari Taxiatosh tumanidagi qizilmiya ildizini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona rahbaridan 12 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. U Beruniy tumanidan qizilmiya yetishtirish uchun 150 gektar yer maydoni ajratish evaziga shuncha pul talab qilgan.
Shunga o‘xshash holat Namangan viloyatida ham qayd etilgan. Kosonsoy tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari 24 gektar yerni tanish amaldor orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 240 ming dollar talab qilgan. U oldindan 50 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida uning tanishi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tuman loyiha ofisi bosh mutaxassisi ham qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, u yuqoridagi yer uchastkasini noqonuniy rasmiylashtirgani uchun 10 ming dollar olgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i 1 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi. U Andijon tumanidagi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga tegishli 6 sotix yer maydonida noqonuniy qurilishlar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirib ko‘rsatishga va’da berdi.
Mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.