Qonunchilik palatasi deputatlari yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini Senatga kiritdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatda xorijda 90 va undan ortiq kun uzluksiz bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashayotgan yoki mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida mamlakatga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston fuqarolari uchun OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, chet elliklar uchun esa o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Qonun loyihasi bilan xususiy bandlik agentliklariga qo‘yiladigan litsenziya talablaridan biri sifatida chet elga ketayotgan fuqarolarni qabul qiluvchi davlatning qonunchiligi va bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish, shuningdek, ularni zarur axborot materiallari bilan ta’minlash majburiyatini belgilash taklif etilmoqda.