Qonunchilik palatasi deputatlari “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakatda “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmi paydo bo‘ladi, shuningdek, aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga muvofiq yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Yo‘llarni loyihalashtirishda jamoatchilik fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish, piyodalar uchun to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qat’iy talablar belgilanadi. Aloqa tarmoqlarini qurishda yo‘llarni avvalgi holatiga qaytarish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutiladi.

Qonun loyihasi bilan yirik gabaritli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda. Xizmat ko‘rsatish obyektlarini maxsus ajratilgan va yo‘l bo‘yi hududlarida joylashtirishga doir talablar belgilanmoqda. Hujjat bilan pullik yo‘llar tarmog‘ini yaratishning huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Buning uchun investorlarga imtiyozlar beriladi.